Alisher Navoiy (1441 – 1501)

Ulug’ o’zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi. G’arbda chig’atoy adabiyotining buyuk vakili deb qaraladi, sharqda “nizomi millati va din” (din va millatning nizomi) unvoni bilan ulug’lanadi.

Hayot yo’li

 

Alisher Navoiyning hayot yo’li, faoliyati va merosi akademik Izzat Sultonning «Navoiyning qalb daftari» (Toshkent, BAN, 1969) nomli kitobida shoirning o’z asarlaridagi ma’lumotlar hamda zamondoshlari qoldirgan ilk va ishonchli manbalar asosida ancha keng yoritilgan. Shundan kelib chiqib, bunda Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berish ma’qul ko’rindi.

Alisher Navoiy hijriy 844 yil (tovuq yili) ramazon oyining 17 kuni, ya’ni melodiy 1441 yilning 9 fevral kuni Temuriyzoda Shohrux mirzo boshqarayotgan Xuroson mulkining poytaxti Hirot shahrida dunyoga keldi. Uning otasi G’iyosiddin kichkina, G’iyosiddin bahodur, G’iyosiddin baxshi tarzida tilga olinadi. U temuriyzodalar, xususan Shohrux mirzo, Abulqosim Bobur mirzolarning amaldorlaridan bo’lib, Sabzavor shahrining hokimi ham bo’lgan. Alisher Navoiyning onasi (nomi noma’lum) ham ana shu muhitning vakili bo’lib, temuriyzodalar xonadonining e’tiborli kishilaridandir. Shuning uchun Alisher Navoiy shunday yozadi:

Otam bu ostonning xokbezi ,

Onam ham bu sarobo’ston kanizi.

Alisher ota-onasining tarjimayi hollari hozircha to’liq yoritilgan emas.

Alisher tug’ilgan oila o’z zamonasining taniqli hamda ma’rifatparvar xonadonlaridan edi. Uning tog’alari Mir Said Kobuliy va Muhammad Ali G’aribiylar ikki tilda she’r bituvchi shoirlar sifatida ma’lum bo’lganlar. Alisherning og’a-inilari-Nizomiddin Shayx Bahlul va Darvesh Ali ko’kaldoshlar esa davlat arboblari –Shayx Bahlul-Xorazm hokimi, Darvesh Ali-Balx hokimi sifatida faoliyat ko’rsatganlar. Alisherning opa-singillari, amakilari haqida hozircha ma’lumotlar uchraganicha yo’q. Bu xonadonda o’z davrining olim va shoirlari yig’ilib, mushoira va ilmiy suhbatlar qilganlar. Bu muhit esa hali bola bo’lgan Alisherning she’riyatga moyilligini belgilagan edi. Shuning uchun Alisher Navoiy 3-4 yoshligidayoq she’rlarni yodlab olib, uyiga kelganlar taklifi bilan o’qir edi. Bu haqda Alisher Navoiyning o’zlari «Majolis un-nafois»ning birinchi majlisida zikr etilgan Amir Qosim Anvor haqida so’z yuritayotganda uning bir baytini keltirib, shunday yozadilar:

Rindemu oshiqyemu jahonso’zu joma chok,

Bo davlati g’ami tu zi fikri jahon chi bok1 Bu faqir ( ya’ni Alisher Navoiy) avval nazmekim, o’rganibmen bu… matla’dur. Hamono uch yosh bila to’rt yoshning orasida erdim, azizlar o’qimoq taklifi qilib, ba’zi hayrat izhor qilurlar erdi.»

Alisher to’rt yoshga yetgach, uni muallimi donishmand bo’lgan maktabga o’qishga yuboradilar. Bu maktabda u Husayn Boyqaro bilan birga o’qirdi. Shuning uchun Z.M.Bobur shunday yozadi: «Alisher va Husayn Boyqaro kichiklikda hammaktab ekondurlar»

Alisherning maktabda «oz vaqt ichida darslarni o’zlashtirishda o’z sheriklaridan ilgarilab» ketganligini Xondamir «Makorim ul-axloq»da alohida o’qtiradi. Shuning bilan birga Alisherning xotirasi nihoyatda kuchli bo’lganidan u ana shu vaqtlarda Farididdin Attorning 4600 baytdan iborat falsafiy-irfoniy dostoni bo’lmish «Mantiq ut-tayri»ni ham boshdan oxirigacha yodlab olgan edi. Alisherning unga maftun bo’lib qolib, boshqa hyech narsaga qaramay qo’ygani tufayli oilada ham, maktabda ham bu kitob haqida so’z yuritish man’ qilingan edi. Shuning uchun Alisher uni yashirin tarzda (ichida) doimo takrorlab o’qirdi. Bu haqda Alisher Navoiy «Lison ut-tayr» dostonida shunday yozadi:

Yodima bundog’ kelur bu mojaro,

Kim tufuliyat chog’i maktab aro…

Manga ul holatda tab’i bulhavas,

«Mantiq ut-tayr» aylab erdi multamas…

O’ylakim, eldin uzuldi ulfatim,

Ul kitob erdi anisi xilvatim…

Onglag’och atfol,aylab sho’ru shayn,

Istimo’ etti bu so’zni volidayn…

Man’i kulli qildilar ul holdin,

«Mantiq ut-tayr» uzra qilu qoldin…

Lek chun yodimda erdi ul kalom,

Yoshurun takror etar erdim mudom…

Alisherning maktabda o’qishi Shoxrux Mirzoning vafoti (1447 yil 12 mart) bilan boshlangan notinchlik tufayli ma’lum muddatda uzilib qoldi. Chunki ko’pchilik kabi Alisherning oilasi ham Hirotni tark etib, Iroq tomonga yo’l olishga majbur bo’lgan edi. Bu safar vaqtida yosh Alisher Taft shahrida Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Hirotda Abulqosim Bobur hokimiyati o’rnatilgach, xorijga ketganlar, jumladan Alisher oilasi bilan Hirotga qaytadilar. Otasi temuriyzoda Abulqosim Bobur mirzo xizmatida bo’ladi. Alisher esa o’qishini maktabda davom ettiradi. Alisher maktabda faqat rasmiy dasturdagi fanlarni o’rganib qolmay, she’riyat, musiqa, tarixni ham o’z davrining yetuk bilimdonlaridan chuqur o’rganadi. Alisher Navoiy keyinchalik «Majolis un-nafois»da bu sohadagi ustozlarining nomlarini ehtirom bilan tilga oladi.Jumladan:

«Darvesh Mansur (vaf. 887h.-1482 m.) … aro’z va sanoye’da Mavlono Yahyo Sebak shogirdi erdi. Ikki aro’z tasnif qildi… Faqir (ya’ni Alisher Navoiy) aro’zni Darvesh qoshida o’qibmen».

«Xoja Yusuf Burhon- . Musiqiy ilmini ham yaxshi bilur erdi va faqir (Alisher Navoiy) musiqiy fanida aning shogirdiman .Xuddi shu vaqtlarda u zamonasining mashhur shoirlari bilan shaxsan yoki sirtdan tanishadi. Masalan, Mir Shohiy (1385-1453) bilan yozishmaga kirganligi haqida shunday yozadi:

«Faqir (Alisher Navoiy)agarchi ani (Mir Shohiyni) ko’rmadim, ammo aning bila faqirni orasida e’lom (xabardor bo’lmish) va irsol (maktub yuborish) voqye’ bo’ldi». Bu esa bejiz emasdi.Chunki she’riyat qonun-qoidalari bilan yaxshi tanishgan Alisherning shoirlik qobiliyati ham to’laroq namoyon bo’laverib, yozgan she’rlari og’izga tushgan edi. Shundanda, 12-13 yashar Alisher she’rlarining Mir Shohiylar nazariga tushgani ham, yozishmalarning maydonga kelishi ham sababsiz emasdi.

Bu orada Alisherning otasi Sabzavor hokimi G’iyosiddin Bahodur vafot etadi(taxminan 1454 yilda). Alisher Abulqosim Bobur Mirzo tarbiyasida qoladi. Bu esa Alisherning o’qishni davom ettirishi, yangi-yangi shoir va allomalar bilan tanishuvi, ular ishtirokidagi suhbat va mushoiralardan bahramand bo’lishiga imkon yaratdi. Abulqosim Bobur Mirzoning o’zi ham ma’rifatli, himmati baland va shoirtab’ bo’lgani tufayli iqtidorli Alisherga har jihatdan otalarcha g’amxo’rlik qilardi. Ammo ko’p o’tmay, ya’ni 1457 yilda Abulqosim Bobur mirzo vafot etgach, Mirxondning yozishicha, «Alisher Navoiy Mashhadda turib qolib, kamolot va fozillikni egallash va ilm masalalari bobida mukammallikka erishuv bilan mashg’ul» bo’lgan edi. Shuning bilan birga olimlar va shoirlar bilan muloqotda bo’lar, ulardan bahramand bo’lib, ularga g’amxo’rliklar ham ko’rsatardi. Jumladan, Alisher Navoiyning o’zi shunday yozadi:

«Xoja Hasan Xizrshoh-…she’rni yaxshi aytur erdi… «Layli va Majnun» muqobalasida «Zayd va Zaynab» masnaviy aytibdur… Bobur mirzo Mashhadda favt bo’lg’on yil ul shaharda g’arib va xasta yiqilib erdi (qarovchisi bo’lmagan kasal bo’lib qolgan edi). Faqir (Alisher Navoiy) g’amxo’rlik qilib, sihat topti» .

Alisher Navoiy Abusaid Mirzo zamonida Mashhaddan Hirotga borib, Mirxondning yozishiga ko’ra, «bir necha kunini u iqbol uyi ostonasi (ya’ni Abusaid Mirzo saroyi) mulozamatida (xizmatida) o’tkardi». Mavlono Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Sayid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammadlarning suhbatlarida bo’lish, maslahatlarini olish sharafiga muyassar bo’ldi. She’rlari esa tobora shuhrat qozonaveradi. Alisher Navoiyning Abusaid zamonida Hirotda bo’lishi ko’pga cho’zilmadi. 1465 yil oxirlarida Abusaid mirzo Alisherga Hirotdan ixroj (ketishi) bo’lishni buyurdi. Alisher Navoiy bu hukmni tezda bajarishi shart bo’lganidan u Samarqandga ketishni ixtiyor qildi va do’stlari, ustozlarining hammalari bilan ham xayrlasha olmay, bu shaharga Balx, Tirmiz, Qarshi, Shahrisabz orqali yetib keldi.Alisher Navoiy Samarqandga kelishi sababi haqida shunday yozadi: «Faqir tahsil uchun Samarqandg’a borg’onda ul (ya’ni mavlono Yusuf Badiiy ) Andijondin keldi».

Alisher Navoiy bunda Samarqand hukmdori Ahmad Hojibek Vafoiy g’amxo’rligida yashadi, mashhur alloma Fazlulloh Abulaysiy Samarqandiy nazdida ikki yil arabiyat, she’riyat va fiqhdan ta’lim oldi; naqshbandiya tariqatining peshvosi Xoja Ubaydulloh- Xoja Ahrori Vali (1404-1490) so’hbatlaridan bahramand bo’ldi; adabiy muhitning mavlono Riyoziy, Shayxim Suhayliy, Mirzobek kabi vakillari bilan yaqin ijodiy munosabatda bo’ldi, mushoiralarda fa’ol qatnashib, katta obruga sazovor bo’ldi. Samarkandda ekanligi vaqtida she’rlar yozdi, arabcha so’zlar lug’ati bo’lmish «Sab’at ul-abhur»ni tuzdi, otaxoni Sayid Hasan Ardasherga masnaviyni bitdi, oxirlarida esa «Hiloliya» qasidasini yaratdi.

One Response to “Alisher Navoiy (1441 – 1501)”

  1. Рекомендую

Leave a Reply